Uzbek Language Learning Podcasts

Uzbek Language Learning Podcasts

By CeLCAR, Indiana UniversityEducation
Download on the App Store

Uzbek Language Learning Podcasts episodes

  • Uzbek podcast 032406
    Navro‘z bayramida ko‘pkari oyinlari
    Navro‘z bayramida O‘zbekistonnig Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida ko‘pkari o‘yinlari o‘tkaziladi. Ko‘pkari yoki uloq O‘rta Osiyo xalqlarining chavandozlik bellashuvi bo‘lib, u asosan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik yigitlarining chavandozlik bellashuvidir. Mazkur bellashuvda chavandozlar ot ustida musobaqa shartlarini bajarishadi. Kun chiqqandan kun botgunicha davom etadigan musobaqada yuzlab chavandoz ishtirok etadi.
    Ko‘pkari bahsida so‘yilgan uloq (echki bolasi) tanasi musobaqa hakamlari tomonidan o‘rtaga tashlanadi. Eng chapdast va jasur chavandoz yerdan uloqni olib, uni taqimga qisib, maydonni gir aylantirgancha, belgilangan manzilga keltirib tashlaydi.
    G‘olib chavandozga sovrin sifatida ot, qo‘y, mol, tuya, gilam, to‘n, pul yoki taqinchoqlar beriladi. Shu bilan birga, g‘olib sharafli nom - botir nomini oladi.
    Ko‘pkarida chavondozlar jamoa bo‘lib harakat qilishlari ham mumkin. Bunda sovrin jamoa a’zolari o‘rtasida bo‘lishiladi. Ba’zan ko‘pkarida keksa chavandozlar sinalgan otlarini yosh chavandozlarga “kira”ga berib turishadi. Agar yosh chavandoz g‘olib kelsa, sovrinni otning egasi bilan bo‘lishadi.
    Umuman, ko‘pkari o‘g‘il bolalarni sog‘lom, qo‘rqmas va jasur qilib voyaga yetkazishda katta ahamiyatga ega.
    4 min
  • Uzbek podcast 031006
    Sumalak
    Sumalak Navro‘zning shoh taomi bo‘lib, u ilk ko‘klam darakchisi, baraka, hosildorlik, to‘kin-sochinlik, ahillik, tan-sihatlik va ezgulik timsolidir. Sumalak haqida juda ko‘p afsonalar mavjud. Biroq ularning hammasida umumiy mazmun bor:
    Bolalarni ochlikdan qutqazish maqsadida chora izlagan ona ko‘katdan taom pishirishga intiladi. Unga farishtalar yordamga keladi. Tongda taomga ilohiy ta’m kiradi. Natijada bu taom bolalarni o‘limdan saqlab qoladi.
    Sumalak tayyorlashdan oldin yoshi ulug‘ kishilarning duolari olinadi. Ota-bobolarning ruhlarini shod etish uchun qur’on tilovat qilinadi.
    Sumalakni tayyorlash jarayoni ayollarning o‘ziga xos marosimiga aylanib ketadi. Sumalak ayollarning bir jamoa bo‘lib harakat qilishi natijasida tayyorlanadi. Ular sumalak tayyorlash, uni pishirish paytida bir-birlari bilan suhbat qilishadi, turli hikoyalar va latifalar aytishadi. Shuningdek, sumalak ishtirokchilari childirma (doira) chalib, raqsga tushishadi, qo‘shiq aytib o‘yin-kulgi qilishadi. Uy bekalari sumalak ishtirokchilari uchun ko‘k chuchvara, ko‘k somsa, qatlama, chalpak singari tansiq taomlar tayyorlashadi.
    Sumalak tayyorlashda erkaklarning ham o‘ziga yarasha yumushlari bor. Ular sumalak uchun o‘choq qazishadi, o‘tin tayyorlashadi va olovni nazorat qilishadi.
    Sumalak uchun bug‘doy donini qulay sharoitda undirib, uni kelida tuyib shirasi olinadi. So‘ng unga yog‘, un qo‘shib katta doshqozonda 13-14 soat qaynatiladi. Qozonga solinayotgan har bir narsa oldidan duo va yaxshi niyatlar qilinadi. Sumalak tagiga olmasligi uchun qozonga tosh va yong‘oq solinadi. Shuningdek, sumalakni ayollar galma - galdan kovlab turishadi. Sumalak kovlash ham savob ish hisoblanadi. Uni yahshi niyatlar, ezgu orzular va el-yurt uchun baraka tilab kovlanadi.
    13-14 soatdan so‘ng sumalak tayyor bo‘ladi. Qozonning usti asta-sekin yopiladi va 2-3 soat tindiriladi. Qozonning tagidagi o‘t o‘chiriladi. Keyin qozonni ochib, elu yurtga sumalak tarqatiladi. An’anaga ko‘ra sumalakni birinchi yoshi ulug‘ kishilarga va masjidlarga atab idishlarga solinadi.
    4 min
  • Uzbek podcast 030306
    Navro‘z Navro‘z – O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining qadimiy bayramidir. Bu bayram bahor faslida, kecha bilan kunduzning tenglashgan payti, ya’ni 21-22 martda nishonlanadi. Navro‘z so‘zi forscha nav “yangi” va ro‘z “kun” so‘zlarining birlashmasidan hosil qilingan bo‘lib, yangi kun ma’nosini anglatadi.
    Navro‘z bayramini barcha fors, arab, turkiy tillarda so‘zlashuvchi xalqlar har yili bahorda nishonlab kelishgan. Bu qadimiy, an’anaviy Yangi yil bayrami hisoblanadi.
    Qadimda Navro‘z kunlari dalalarda bahorgi ekin-tikin ishlari boshlanib ketgan. Dehqonlar yerga qo‘sh solishgan. O‘tgan ajdodlar ruhi yod qilingan. Ularning mozorlari obodonlashtirilgan. Ommaviy ravishda mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazilgan. Ko‘pkari-uloq, kurash, turli hayvon va parrandalar “jang” lari, xo‘roz, it, qo‘chqor urishtirish, masxarabozlik, askiyabozlik, dor o‘yinlari singari xalq tomoshalari tashkil qilingan. Bayram kunlari urishgan do‘st-og‘aynilar, qarindosh-urug‘lar yarashib, bir-birlarini Navro‘z bilan tabriklashgan.
    Hozirgi kunda ham Navro‘z arafasida xayriya ishlari: muhtojlarga yordam berish va qariyalarni ziyorat qilish, kasallar holidan xabar olish ishlari amalga oshiriladi. Navro‘z arafasida va bayram kuni sumalak, halim, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara kabi taomlar pishiriladi. Navro‘zning shoh taomi bo‘lgan sumalakni ayollar, halimni esa erkaklar tayyorlashadi. Ularning ikkisi ham bir kun davomida tayyor bo‘ladi. Sumalak va halim vitaminlarga boy, yuqori kaloriyali taom hisoblanadi. Bu taomlarni Navro‘zda to‘yib iste’mol qilgan kishi keyingi ko‘klamgacha tetik va sog‘lom bo‘ladi.
    Navro‘z kuni barcha joylarda katta tomoshalar, tantanalar bo‘lib o‘tadi. Bayramda O‘zbekistonga turli mamlakatlardan mehmonlar kelishadi. Bayram tantanalari Toshkentdagi Milliy bog‘da o‘tkaziladi. Bu kuni har xil tomoshalar, sayillar bo‘ladi.
    4 min
  • Uzbek podcast 021706
    Sevishganlar kuni Sovet Ittifoqi davrida 23 fevral Qizil Armiya kuni sifatida, shuningdek, erkaklar bayrami sifatida nishonlangan. Bu kunda xotin-qizlar otalariga, turmush o‘rtoqlariga, sevgan yigitlariga, do‘stlariga, erkak kasbdoshlariga sovg‘alar berib, ularni tabriklashgan. Hozirda Rossiyada 23 fevral Vatan himoyachilari kuni sifatida nishonlanadi. Vatan himoyachilari kuni O‘zbekistonda 14 yanvarda nishonlanadi. 8 martda esa Xotin-qizlar kuni bayram qilinadi. Garchi 8-martni xotin-qizlar bayrami sifatida nishonlash 1910 yil Kopengagenda Klara Setkin taklifi asosida qabul qilingan bo‘lsa-da, qadimda O‘zbekistonda erta bahor ayollar oyi (Isfandarmo‘z) hisoblanib, shu oyning 5-kuni maxsus nishonlangan. Keyingi yillarda O’zbekistonda 14 fevral kunini Sevishganlar kuni (Valentin kuni) sifatida nishonlash asta-sekin ommaviylashib bormoqda. Biroq o‘zbeklar orasida bu bayramni nishonlash to‘g‘risida turlicha qarashlar mavjud. Jumladan, ko‘pchilik ota-onalar, o‘qituvchilar mazkur bayramni diniy, milliy va mafkuraviy nuqtai nazardan o‘zbek mentalitetiga to’g’ri kelmasligini aytishmoqda. Ularning fikricha, Sevishganlar kuni o‘zbek urf-odatlariga zid bayram bo‘lib, u yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksariyat o‘zbek yoshlari esa Sevishganlar kuni yoshlarning ongiga singib, ko‘nglidan joy olgan, uni ta’qiqlab bo‘lmaydi, deb hisoblashadi.
    4 min
  • Uzbek podcast 022406
    Boychechak Boychechak ilk bahor darakchisidir. Shuning uchun ham Sharq xalqlari bu gulning ochilishini ko‘klam nishonasi deb bilishgan. Erta bahorda bolalar to‘da-to‘da bo‘lishib, qir-adirlardan boychechak qidirishgan. Kim birinchi bo‘lib boychechakni topsa, uni baxtli hisoblashgan. Bolalar topib olgan boychechaklarini bekitib olib, hovlima-hovli yurib qo‘shiq aytishgan. Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yugurib chiqqan boychechak. Boychechagim boylandi, Qozon to‘la ayrondi. Ayroningdan bermasang, Qozon-tovog‘ing vayrondi. Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak, Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak. Boychechakni tutdilar, Tut yog‘ochga osdilar, Qilich bilan chopdilar, Baxmal bilan yoptilar... Boychechak qo‘shig‘ini eshitgan odamlar shunday kunga yetib kelganiga shukr qilib, quvonishgan. Ayniqsa, bemorlar bu qo‘shiqni jon-dilidan sevishgan. Ular bahor kelganini bilib, o‘zlarini yengil his qilishgan. Bolalar boychechakni avvalo qariyalarga berishga intilishgan. Chunki ular boychechakni g‘oyat qadrlashgan. Bu gul ularga qishdan eson-omon chiqqanligi, yana bahor kelib, yangi hayot boshlanganidan dalolat bergan. Shuning uchun ham qariyalar boychechakni ko‘zlariga surtib, “Omonlik-somonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik, yanagi shu kunlarga eson-omon yetaylik” deb yaxshi niyatlar qilishgan.
    4 min
  • Uzbek podcast 021006
    ALISHER NAVOIY (1441 - 1501) 9 – fevral kuni ulug‘ o‘zbek shoiri, o‘zbek tili va adabiyotining asoschisi, mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludiga 565 yil to‘ldi. Alisher Navoiy temuriylar saltanatiga tegishli Hirotda tug‘ilib, umrining asosiy qismini shu yerda o‘tkazgan. Uning otasi G‘iyosiddin Muhammad temuriylar saroyining amaldorlaridan, xonadonning ishonchli kishilaridan bo‘lgan. Alisher kichiklik chog‘idan she’r va musiqaga qiziqdi. Olimu fozillar davrasida bo‘ldi. U yetti yoshidayoq Farididdin Attorning 'Mantiqut-tayr' asarini yod olgan edi. Alisher maktabda bo‘lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o‘qidi. Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan ta’lim oldi, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda bo‘ldi. Navoiy 1469 yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga o‘tirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi. Navoiy ijodi ixlosmandlari uning she’rlarini yig‘ib, 'Ilk devon' (1464-65) tuzadilar. Navoiyning lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq 'Xazoyinul-maoniy' nomli to‘rt devon (1491-1498)ga jamlangan. Alisher Navoiy ijodining yuksak cho‘qqisi 'Xamsa' asari (1483-85)dir. Shoir birinchilardan bo‘lib, turkiy tilda to‘liq 'Xamsa' yaratdi va turkiy tilda shunday ko‘lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. 'Xamsa' tarkibiga 'Hayrat ul-Abror', 'Farhod va Shirin', 'Layli va Majnun', 'Sab'ai sayyor', 'Saddi Iskandariy' kabi dostonlar kiradi. Navoiy fors adabiyoti va adabiy tili bilan raqobat qila oladigan katta bir adabiyot yaratish va u orqali turkiy til imkoniyatlarini ko‘rsatib berishdek ulkan vazifani o‘z zimmasiga oldi va bu sharafli ishni uddasidan ciqa oldi. Navoiyning 'Muhokamatul-lug‘atayn' asari o‘z zamonidagi turkiy lahjalar, ziyolilar nutqi, badiiy va ilmiy asarlarning leksik-grammatik xususiyatlarini forsiy til xususiyatlari bilan qiyoslashga bag‘ishlangan. Jonli xalq tilida qo‘llanilgan ko‘plab so‘zlarni asarga kiritib, ularni adabiy tilda shakllantirdi. Mahmud Qoshg‘ariydan so‘ng o‘zbek tili grammatikasiga ilmiy asos soldi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda eng yirik viloyatlardan biri va uning markazi, O‘zbekiston Davlat mukofoti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti, Opera va balet akademik teatri, O‘zbekiston Davlat kutubxonasi, Samarqand Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-ma’rifiy muassasalar, jamoa xo‘jaliklari ulug‘ shoir nomi bilan ataladi.
    4 min
  • Uzbek podcast 020306
    Ўзбекистонда одатдан ташқари кўп қор ёғмоқда Ўзбекистонда ўтган асрнинг 60-йиллари ўрталаридан буён кузатилмаган кучли қор ёғмоқда. 27 январь куни тушгача Тошкентда 50 сантиметр қалинликда қор ёғди. Бу қуёшли мамлакатдаги ўртача ойлик нормадан анча юқоридир. Енгил машиналарини кечаси очиқ осмон остида қолдириб кетганлар эрталаб уларни қор остидан қазиб олишга мажбур бўлдилар, бироқ улар кўп юрмасдан қор остида яшириниб қолган ариқ ва бошқа чуқурларга тушиб қола бошладилар. Кўчада ўйнаётган болаларнинг ёрдамисиз у ерлардан чиқиб кетиб бўлмасди. Чорраҳаларда йўл-транспорт ҳодисаларининг сони бирданига ошиб кетди. Таксичилар бензиннинг кўп сарфланаётганлигини рўкач қилиб, нархларни ошириб юбордилар. Шаҳар ташқарисида транспорт қатнови бузилган. Қишлоқ йўллари шунчалик тўсилиб қолганки, уларда ҳатто тракторларнинг юриши ҳам қийин бўлиб қолди. Шаҳарлараро автойўлларда эса машиналар тиқилиб, уларнинг тўпланиб қолишига сабаб бўлмоқда. У ерларда қурилиш бригадалари ишчилари аҳволни ўнглаш устида ишламоқдалар. Қор уюмларининг катталигидан ва кўчки кўчиши хавфи туфайли тоғ довонлари орқали ўтадиган йўллар вақтинчалик ёпилган. Бу орада синоптиклар қор ёғиши шу яқин кунларда давом этишини кутишмоқда. Кучли ёғинни кунлар илишини ваъда қилаётан, бироқ бошланиши учун ҳақиқий қор бўрони билан енгиллашиб олаётган илиқ атмосфера фронти пайдо қилган. Гидрометмарказининг айтишича, февралнинг биринчи кунлариёқ ҳарорат бутун Ўзбекистон бўйлаб, энг шимолий туманлар бўлган Қорақалпоғистон ва Хоразмдан ташқари, тезда 6-10 градусгача илиб кетади. Бугунги кунда тоғларда йиғилаётган қорларнинг тез эриши кўчки ва тошқинларни келтириб чиқариши мумкин.
    4 min
  • Uzbek podcast 012706
    O‘zbekiston Respublikasi Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga rasman a’zo bo‘ldi Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo mamlakatlar rahbarlari Davlatlararo kengashining Sankt-Peterburg sammitida O‘zbekiston Respublikasi mazkur tashkilotga rasman a’zo bo‘ldi. Davlatlararo kengashning kengaytirilgan tartibdagi majlisida Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Albatta, O‘zbekiston Hamjamiyat safiga qo‘shilganidan keyin tashkilotning mazmun-mohiyati sezilarli darajada o‘zgaradi. Demak, tashkilotning rejalarini, uning doirasidagi ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarning mexanizmlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozim. Prezidentlar bu xususda fikr almashar ekanlar, Hamjamiyatning faqat iqtisodiy tuzilma emas, xalqaro tashkilot sifatida ham nufuzi oshib borayotganini ta’kidladilar.Shu o‘rinda Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati haqida. 1995 yilda tuzilgan Bojxona ittifoqi negizida tashkil topgan Hamjamiyatning strategik maqsadlari a’zo davlatlar o‘rtasida integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan. Bu murakkab vazifa bosqichma-bosqich Erkin savdo zonasini tashkil etish, keyinchalik Bojxona ittifoqini tuzishdan iborat. Bularning barchasi yagona umumiy bozor shakllanishiga olib keladi.Bugun bu atamaning mohiyatini alohida ochishga hojat yo‘q. Umumiy bozorni ta’riflash uchun hozirgi Yevropa Ittifoqini misol keltirishning o‘zi kifoya. Ya’ni, a’zo mamlakatlar orasida ishchi kuchi, tovarlar va xizmatlar erkin harakatda bo‘ladi. Bojxona to‘lovlari faqat uchinchi mamlakatdan keladigan tovarlar uchun joriy etiladi va ular ham bir marta olinadi.
    4 min
  • Uzbek podcast 012006
    Тошкентдаги зилзилаларни ярим йил олдин айтиб бериш мумкин Тошкентда 1966 йилда бўлиб ўтган фожеавий зилзила пайтида мутахассислар ер ости силкинишларидан бир қанча вақт олдин артезиан қудуқларидаги сувнинг кимёвий таркиби ўзгаришини аниқладилар. Зилзила марказига яқин жойдаги ерости қатламларидаги босим қаттиқ моддалардан минералларнинг микроскопик зарраларини ажратиб юборади. Ўзбекистон Фанлар академиясининг сейсмология институти мутахассислари таъкидлашмоқдаки, улар ишлаб чиққан усул орқали Тошкент ва унинг яқинидаги зилзилаларни 5-6 ой олдиндан айтиб бериш мумкин. Агар артезиан қудуқларидаги сувнинг минераллашиш даражаси 1,2 баробар ошиб кетса, ана шундай башорат қилиш мумкин. Ер қимирлашининг сувли қатламлар ҳолатига қараб ўртача вақт учун олдиндан айтиш дунёнинг сейсмик жиҳатдан яхши бўлмаган кўпгина минтақаларида, масалан, Японияда қўлланилади. Тўғри, бу усул асосида бўлажак фожеанинг аниқ соати ва вақтини айтиб бўлмайди. 1980 йилда Тошкент яқинидаги Назарбек шаҳарчасида бўлиб ўтган 8 балл кучдаги (магнитудаси бўйича 1966 йилдаги зилзилага баробар) ер қимирлашини олдиндан айтиб бўлмади. Сўнгги йигирма беш йил ичида Ўзбекистон пойтахтида кучли ер силкинишлари кузатилгани йўқ. Ўзбек сейсмологлари ерости сувлари кимёвий таркибининг шкалалар ўзгариши уларга стихиянинг даракчиларини ўз вақтида аниқлаб, ҳатто бостириб келаёган ҳалокатнинг кучини ҳам тахминан айтиб бериш имконини беради, деб ишонишади.
    4 min
  • Uzbek podcast 011306
    Маккаи муккарамада меҳмонхона қулаган Ҳаж ибодатини адо этиш учун келган мусулмонлар жойлашган меҳмонхона биноси қулаши оқибатида камида ўн беш киши ҳалок бўлган, деб хабар қилган Саудия телевидениеси. Шунингдек, кўплаб инсонлар жароҳат олган. Қутқарувчилар вайроналар остидан жабрланганларни олиб чиқишни бошлаганлар. Хабарларга кўра, меҳмонхонада Миср, Тунис ва Бирлашган Араб амирликларидан келган мусулмонлар жойлашган бўлган. Бино нима сабабдан қулагани ноаниқлигича қолаётир. Бу йил муқаддас ҳаж зиёратига бир миллиондан ортиқ мусулмон йиғилган. Ўзбекистондан Маккаи мукаррамага беш минг киши ҳаж ибодатларини адо этиш учун келган.
    Сўнгги ўн беш йил мобайнида муқаддас ҳаж зиёратига келадиган мусулмонлар сони ўн бир баробар ортган.
    4 min

About Uzbek Language Learning Podcasts

From the publisher's feed

Uzbek Language Learning Podcasts from CeLCAR